MEHNAT QONUNCHILIGI NORMALARINI SUDLARDA QO’LLASH AMALIYOTI

Tahlilarga ko‘ra, fuqarolik sudlarida ko‘riladigan mehnat nizolarining aksariyati ishga tiklash hamda ish haqini undirish haqidagi da’volar bilan bog‘liqdir. Xususan, Namangan viloyati fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlari tomonidan 2024-yilda mehnat nizosi bo‘yicha 326 ta da’vo arizasi ko‘rib chiqilib, shundan 219 tasi qanoatlantirilgan. Ularning 123 tasi ishga tiklash, 141 tasi ish haqini undirish bilan bog‘liq ishlarni tashkil etgan.

Namangan viloyati sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida bo‘lib o‘tgan seminar ham mehnat qonunchiligi normalarini sud amaliyotida qo‘llashga oid masalalarga bag‘ishlandi.

Oliy sud hamda viloyatdagi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar sudyalari, Kasaba uyushmalari federatsiyasi viloyat kengashi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi vakillari ishtirok etgan tadbirda  mehnat qonunchiligini amaliyotda qo‘llash bo‘yicha muhim va ahamiyatli jihatlar ishtirokchilar e’tiboriga yetkazildi. Shuningdek, mehnatga oid munosabatlarni tartibga solish, mazkur turdagi nizolarga adolatli yechim topish, mehnat nizolariga sabab bo‘layotgan holatlarning oldini olish kabi jihatlar bo‘yicha fikr almashildi. Shu bilan birga ayrim ish beruvchi korxona va tashkilotlar tomonidan xodimlar bilan mehnat shartnomasini bekor kilishda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi.