NAMANGAN VILOYATI SUDI RAISI YOSHLAR BILAN UCHRASHDI

Namangan viloyati sudida tizimda ishlayotgan yoshlar va amaliyotchi talabalar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.


Viloyat sudi raisi Alisher Usmanov ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda vatanparvarlik, kasbga sadoqat, korrupsiyaga qarshi kurash mavzularida so‘z yuritildi.

Mamlakatimizda barcha sohalar qatori sud tizimida ham yuqori malakali, chuqur bilim va ko‘nikmalarga ega kadrlarni shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik memorandumlari imzolanib, talaba-yoshlarning sud tizimida maxsus amaliyotini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha “Bo‘lajak sud xodimlari” klubi joriy etilgan. 

Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda viloyat sudi raisi sohadagi islohotlarga to‘xtalib, sudyalik kasbining adolatni, inson huquq va manfaatlarini ta’minlashdagi ahamiyati haqida gapirdi. Kelgusida mazkur tizimda faoliyat olib borishni istagan yoshlar mustahkam bilim olishga intilishi, ma’naviyatli, keng dunyoqarashga ega bo‘lishi zarurligiga e’tibor qaratdi.

Salohiyatli, har tomonlama malakali sud kadrlarining shakllanishi sudlarda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilinishini ta’minlaydi. Bu o‘rinda esa sud tizimida faoliyat olib borayotgan har bir xodim kasbiy odob-axloq qoidalirga rioya qilgan holda, o‘ziga biriktirilgan vazifalarni sidqidildan ado etishi, mazkur jarayonda ta’magirlik, korrupsiya kabi illatlarga qo‘l urmasligi lozimligi ta’kidlandi.

Yuzma-yuz muloqotda yoshlar sud tizimi ham sharafli, ham mas’uliyatli soha ekanini chuqur his qilgan holda tizimga har tomonlama loyiq bo‘lish, korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirib, fidoyilik bilan faoliyat olib borishlarini bildirdilar.