SUDLAR FAOLIYATI SARHISOBI

Namangan viloyati sudida viloyat sudlarining 2023-yildagi faoliyat yakunlari hamda odil sudlovni  ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida amalga  oshirilgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari, axborot xizmatlari rahbarlari, jurnalist va blogerlar ishtirok etgan  anjumanda Namangan viloyati sudi hamda viloyat ma’muriy sudi raislari tomonidan sud-huquq sohasidagi islohotlar, qonunchilikdagi yangiliklar, 2023-yil davomida ko‘rilgan jinoyat, fuqarolik,  iqtisodiy hamda ma’muriy ishlar, jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlarning tahlili,  huquqiy targ‘ibot ishlari hamda sohaga oid boshqa ma’lumotlar haqida axborotlar ochiqlandi.

Namangan viloyati sudi raisi Alisher Usmanov so‘nggi yillardagi sud-huquq islohotlariga to‘xtalar ekan,  2016-2023 yillar davomida mazkur yo‘nalishda 50 dan ortiq qonun, farmon va qarorlar qabul qilingani, bu  o‘z navbatida sudlarning chinakam mustaqilligini ta’minlash, odil sudlov sifati va samaradorligini  oshirishda muhim ahamiyat kasb etganini ta’kidladi. Viloyat ma’muriy sudi raisi Zaripaxon Qurbonova  mazkur islohotlarda ma’muriy sudlarning o‘rni, tizimdagi yangi o‘zgartirishlar haqida ishtirokchilarga  batafsil ma’lumot berdi.

Tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillari fuqarolarning huquq va manfaatlarini muhofaza qilish, odil  sudlovni ta’minlash, qonuniylik va adolat barqarorligiga erishish borasida o‘zlarini qiziqtirgan savollar  bilan murojaat qildilar. Ularning savol, taklif, fikr-mulohazalariga sud raislari va sudyalar batafsil javoblar berishdi.

Jarayon aniq dalillar, faoliyatga oid tahliliy ma’lumotlar, odillik va shaffoflikni ta’minlashda e’tibor  qaratilayotgan jihatlarga oid masalalar bilan qizg‘in o‘tdi.

Namangan viloyati sudining
jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi