«SUDYA VA YOSHLAR» UCHRASHUVI
Oliy ta’lim muassasasida ta’lim olayotgan yoki uni bitirish arafasida turgan talabalar bilan turli soha vakillari ishtirokida uchrashuvlar o‘tkazish yoshlarning ertangi hayoti, ma’lum bir kasb tanlashida muhim omil hisoblanadi. Ayni jihatdan, Namangan davlat universitetining yuridik fakulteti talabalari bilan o‘tkazilgan “Sudya va yoshlar” uchrashuvi ham ertangi faoliyatini sud idoralari bilan bog‘lash niyatidagi ko‘plab yigit-qizlarga o‘ziga xos motivatsiya bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi o‘rinbosari Ikrom Muslimov, Oliy sud Kadrlar boshqarmasi boshlig‘i Muzaffar Muxitdinov, viloyat sudi raislari ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda dastlab keyingi yillarda sudlarda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritilib, mazkur jarayonlarda tizim xodimlari uchun yetarli sharoit va imkoniyatlar, ijtimoiy kafolatlar yaratilgani ta’kidlandi. Shu bilan birga yuqori malakali, chuqur bilim va ko‘nikmalarga ega kadrlar yordamidagina sudlarning chinakam mustaqilligini ta’minlash, ularning faoliyati samaradorligi va odil sudlov sifatini oshirishdek ezgu maqsadlarga erishish mumkinligi aytib o‘tildi. Bu o‘rinda esa O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Namangan davlat universiteti o‘rtasida yuridik kadrlarni tayyorlash sohasidagi o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolangani, mazkur hujjatga asosan oliygoh talabalarining sud tizimida maxsus amaliyotini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha “Bo‘lajak sud xodimlari” klubi joriy etilgani ta’kidlandi.
Uchrashuv ochiq muloqot tarzida olib borildi. Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari Ikrom Muslimov sohadagi islohotlarga to‘xtalib, sudyalik kasbining adolatni, inson huquq va manfaatlarini ta’minlashdagi ahamiyati, kelgusida mazkur tizimda faoliyat olib borishni istagan yoshlar mustahkam bilim olishga intilishi, o‘z ustida ishlashi zarurligiga e’tibor qaratdi.
Bugungi kunda Namangan davlat universitetining yuridik fakultetida kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim yo‘nalishlarida jami 800 nafarga yaqin talaba tahsil olmoqda. Albatta ular orasida sud-huquq sohasiga qiziquvchilar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ayni jihatdan, yuzma-yuz muloqotda talaba-yoshlar qonunchilik islohotlari, sud tizimidagi o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. Yigit-qizlarning savollariga hayotiy misollar, amaliyotda uchraydigan voqea-xodisalar bilan javob qaytarilgani bo‘lajak huquqshunoslarni sud tizimiga, sudyalikka bo‘lgan qiziqishini yanada oshirdi.
Yoshlar – ertangi kunimizning, Yangi O‘zbekistonning egalaridir. Shu jihatdan, ularni bugungi islohotlarga, yurt kelajagiga daxldor etib tarbiyalash, yuksak marralar sari ruhlantirish – Vatan taraqqiyotiga xizmat qiladi. “Sudya va yoshlar” uchrashuvi ham ayni jihatdan muhim ahamiyat kasb etdi.