KORRUPSIYAGA QARSHI BIRGALIKDA KURASHAMIZ

Namangan viloyati sudi raisi Аlisher Usmanov tomonidan har bir tuman, shahar, tumanlararo sudlarda oʼtkazilayotgan korrupsiyaga qarshi kurash mavzusidagi uchrashuv-muloqotlarning navbatdagisi Chust tumanida boʼlib oʼtdi. Аhamiyatlisi, bu galgi muloqotlarga sud xodimlarining ota-onalari ham taklif etildilar.

Tumandagi jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy ishlar boʼyicha sudlar hamda jinoyat ishlari boʼyicha Pop tumani sudining sudya va xodimlari qatnashgan yigʼilishda viloyat sudi raisi keyingi yillarda sud tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, sudlarning jamiyatda tutgan oʼrni, nufuzi haqida soʼz yuritib, mazkur sohada faoliyat olib borayotgan har bir xodim ana shu eʼtiborga har jihatdan mos boʼlishi lozimligini taʼkidladi. Bunda eng avvalo korrupsiya, taʼmagirlik illatlariga yoʼl qoʼymaslik, odob-axloq qoidalariga amal qilgan holda oʼziga biriktirilgan vazifalarni sidqidildan, vijdonan bajarishi kerakligi aytib oʼtildi. Bu borada esa ota-onalarning oʼrni katta ekanligi, har bir ota-ona farzandining yurish-turishi, ish faoliyatini nazorat qilib borishi, uning muammolari bilan qiziqishi, kimlar bilan yaqin munosabatda boʼlayotganidan xabardor boʼlishi lozimligi taʼkidlandi.

Muloqotda ota-onalar soʼzga chiqib, oʼzlarining fikr-mulohazalari, takliflarini bildirdilar.

Shundan soʼng viloyat sudi raisi har bir sudya, xodim bilan birma-bir suhbatlashib, sud tizimida korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda boʼlish muhitini yaratish, korrupsiyaviy holatlarni barvaqt aniqlash, ularni keltirib chiqaradigan omillarni bartaraf etish boʼyicha muhim koʼrsatma va topshiriqlarni berdi.