GO’ZALLIK VA NAFOSAT BAYRAMI

Namangan viloyati sudida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tadbiri boʼlib oʼtdi.

Tadbirda dastlab Sudyalar oliy kengashi qaroriga asosan “Sud faxriysi” koʼkrak nishoni bilan taqdirlangan faxriy sudyalarga mukofotlar topshirildi. Namangan viloyatidan bunday eʼtirofga koʼp yillar sudyalik lavozimida samarali faoliyat olib borib, koʼplab shogirdlar tarbiyalagan Tohiraxon Moʼydinova loyiq koʼrildilar. Ustozga koʼkrak nishonini viloyat sudi raisi Аlisher Usmanov topshirib, bayram bilan muborakbod etdi. Shuningdek, faxriy sudya Melixon Tashbaeva Sudyalar oliy kengashining esdalik qoʼl soati bilan taqdirlandi. Shu kuni sud faxriysining 70 yoshga toʼlishi munosabati bilan Oʼzbekiston Sudyalari Аssotsiatsiyasi va viloyat sudining Melixon Tashbaevaga yoʼllagan tabriklari oʼqib eshittirildi.

Shundan soʼng Namangan viloyati sudi raisi Аlisher Usmanov tizimda faoliyat olib borayotgan xotin-qizlarni goʼzallik va nafosat bayrami bilan muborakbod etib, Oʼzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining bayram tabrigini oʼqib eshittirdi. Har bir sud faxriysi, sudyalarga mazkur tabrik topshirilib, ularning odil sudlov faoliyatini amalga oshirish va jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlash, fuqarolarning sud idoralariga boʼlgan ishonchini mustahkamlash yoʼlidagi beqiyos xizmatlari eʼtirof etildi.

Tantanali tadbirda shuningdek, Namangan viloyati sudining fuqarolik ishlari boʼyicha sudlov hayʼati sudyasi Nargiza Аhadovaga viloyat hokimi tomonidan eʼlon qilingan faxriy yorliq topshirildi. Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Namangan viloyati sudi raisining ham bir guruh ayollarni taqdirlash toʼgʼrisidagi buyrugʼi eʼlon qilinib, unga koʼra Namangan viloyati sudining fuqarolik ishlari boʼyicha sudlov hayʼati sudyasi Muyassar Sultonova, viloyat sudining sudya katta yordamchisi Dildora Xatamova, Uchqoʼrgʼon tumanlararo iqtisodiy sudining sudya yordamchisi Sayyora Boqieva, fuqarolik ishlari boʼyicha Chust tumanlararo sudining sudya yordamchisi Kamola Raymalieva, jinoyat ishlari boʼyicha Chust tumani sudining arxiv mudiri Diloromxon Rahimova, jinoyat ishlari boʼyicha Pop tumani sudining arxiv mudiri Maʼrifat Аbdullaeva, jinoyat ishlari boʼyicha Chortoq tumani sudining arxivariusi Ozodxon Rashidova hamda Oliy sud huzuridagi sudlar faoliyatini taʼminlash departamentining viloyat hududiy boʼlimi rahbar kotibi Munojat Baxritdinova faxriy yorliq bilan taqdirlandilar. Shu bilan birga bir guruh xizmat koʼrsatish xodimlariga viloyat sudining tashakkurnomalari topshirildi.

Tadbir davomida sud faxriylari, sudyalar munis va moʼtabar ayollarni bayram bilan tabriklab, samimiy tilaklar bildirdilar.


Namangan viloyati sudining jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo’limi