SEMINAR-TRENING

Mamlakatimizda gender tengligi masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan. Bu masala milliy qonunchiligimizda ham o‘zining teran ifodasini topgan. Shu boisdan gender tengligini ta’minlash, gender zo‘ravonligining oldini olish eng dolzarb vazifalardan biridir.


Toshkent viloyatida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘yicha bosh konsultantlari uchun “Gender zo‘ravonlik bilan bog‘liq sud jarayonlarini yoritishda nimalarga e’tibor berish kerak?” mavzusida o‘tkazilgan ikki kunlik o‘quv seminar-trening ham aynan shu vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgani bilan alohida ahamiyatlidir.

Oliy sud, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) hamda “East-West Management Institute” (EWMI) nodavlat notijorat tashkilotining O‘zbekistondagi filialining “Sud tizimini mustahkamlash” (JSSA) qo‘shma loyihasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu tadbirda ishtirokchilarga gender konsepsiyasi va gender tenglik mohiyati bo‘yicha atroflicha ma’lumot berildi.

Treningda ommaviy axborot vositalari  va ijtimoiy tarmoqlarda gender zo‘ravonligiga oid masalalarni yoritish amaliyoti tahlil qilinib, bu boradagi gender stereotiplar va noto‘g‘ri tushunchalarni bartaraf etish yo‘llari bo‘yicha fikr almashildi.

Malakali trenerlar tomonidan viloyat sudlarining matbuot kotiblari xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik va tazyiq bilan bog‘liq sud jarayonlarini yoritishda gender sezgirlik normalari va andozalari bilan tanishtirildi.

Bundan tashqari, ishtirokchilar ijtimoiy tarmoqlarda zo‘ravonlikka qarshi samarali kurashish omillarini interaktiv taqdimotlar va amaliy mashg‘ulotlar vositasida muhokama qildilar. 

TERGOV SUDYALARINING VAZIFALARI NIMALARDAN IBORAT?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-iyundagi “Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan 2025-yilning 1-yanvaridan jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda tergov sudyalari faoliyat boshlamoqda. Xo‘sh, mazkur yangi institutning joriy etilishidan ko‘zlangan maqsad nima? Tergov sudyalarining vazifalari va asosiy yo‘nalishlari nimalardan iborat?

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Sudyalar oliy kengashi va Sudyalar oliy maktabi tomonidan Namangan viloyatida o‘tkazilgan seminar mashg‘ulotida ana shu savollarga batafsil javob olindi.


Sudyalar, prokuratura, ichki ishlar organlarining tergovchi va surishtiruvchilari, viloyat bojxona, soliq boshqarmalari ma’muriy amaliyot xodimlari, advokatlar va boshqa daxldor tashkilotlar vakillari ishtirok etgan seminarda dastlab Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi sudyalari tomonidan tergov sudyasi instituti joriy etilishi doirasida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan Prezident Farmoni ijrosini samarali tashkil qilish bo‘yicha ilg‘or xorijiy mamlakatlar tajribasi o‘rganilgani, tergov sudyasi lavozimi joriy etiladigan jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlariga tegishli shtatlar ajratilib, tergov sudyalari tayinlangani aytib o‘tildi. Shuningdek, tergov sudyalarining vazifalari va asosiy yo‘nalishlari haqida batafsil tushuntirish berildi.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad sudlar faoliyati samaradorligini oshirish, ishni sudga qadar yuritishda taraflarning tengligi va tortishuvi prinsipini amalda ta’minlash, shuningdek, tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklari samarali himoya qilinishiga erishishdan iborat ekanligi ta’kidlandi.

Fikr-mulohazalar hamda savol-javoblarga boy tarzda o‘tgan ochiq muloqotda ishtirokchilar tergov sudyalari faoliyati bilan bog‘liq savollarga batafsil javob oldilar.

BUNYODKORLIK

Odil sudlovni amalga oshirishda sud binolarida yaratilgan sharoitlar ham muhim ahamiyatga ega. Shu jihatdan, keyingi yillarda sudlarning moddiy-texnikasini yaxshilash, aholi va xodimlar uchun munosib sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilyapti.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chortoq tumani sudi binosi 1983-yilda qurilgan bo‘lib, bugungacha kapital ta’mirdan chiqarilmagan edi. Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti tomonidan tegishli moliyaviy mablag‘ ajratilib, inshoot to‘liq ta’mirdan chiqarildi. Qo‘shimcha xonalar, sud zallari, fuqarolar uchun sharoitlar yaratildi.

Bugun yangidan ta’mirdan chiqarilgan jinoyat ishlari bo‘yicha Chortoq tumani sudi binosiga sud faxriylari, sudyalar va xodimlar tashrif buyurib, yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Bu kabi qulayliklar odil sudlov samaradorligini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Shundan so‘ng, sud faxriylari va sudyalar sud binosi hovlisini obodonlashtirish ishlariga o‘z hissalarini qo‘shib, manzarali daraxt ko‘chatlari ekishdi.

SUDYALAR VA ADVOKATLAR UCHRASHUVI

Sud amaliyotidan ma’lumki, ishni xolisona ko‘rishda, adolatni qaror toptirishda advokatlarning o‘rni muhim. Shunday ekan, himoyachilar bilan vakolat doirasida doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish sud jarayonida ba’zan uchraydigan tushunarsiz holatlarning oldini oladi. 

Ayni jihatdan, Namangan viloyati sudi hamda Advokatlar palatasi viloyat xududiy boshqarmasi tashabbusi bilan sudyalar va advokatlar uchrashuvi o‘tkazildi. 

Unda Namangan viloyati sudi raisi Alisher Usmanov, Advokatlar palatasi viloyat xududiy boshqarmasi boshlig‘i O‘ktamjon Jamolov, sudyalar hamda viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan advokatlar ishtirok etdilar.

Muloqotda sud tizimida olib borilayotgan islohotlar, sohaviy tartib-taomillar va qonunchilikdagi o‘zgarishlarni aholiga to‘g‘ri yetkazishda advokatlarning o‘rni muhim ekanligi ta’kidlandi. Ana shulardan kelib chiqib, sud jarayonlarida uchrab turuvchi ayrim muammoli holatlarning oldini olish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Bu borada advokatlar duch kelayotgan va o‘z navbatida odil sudlovni ta’minlashga to‘siq bo‘layotgan kamchiliklar ham ro‘y-rost o‘rtaga tashlandi.

Namangan viloyati sudi raisi Alisher Usmanov sud amaliyotida advokatlar bilan yuzaga kelayotgan ana shunday muammolarga atroflicha to‘xtalib, kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ishlar olib borilayotganini aytib o‘tdi. Xususan, ayrim sud binolarida advokatlar uchun yetarli sharoitlar yaratilmagani, sud majlislarining belgilangan vaqtda boshlanmasligi og‘riqli nuqta ekanini ta’kidlab, ularning sabablarini tushuntirib o‘tdi va bu borada aniq chora-tadbirlar belgilab olinganini ta’kidladi.

Shuningdek, advokatlar sud protsessida har bir xatti-harakatini kasb etikasi doirasida amalga oshirishlari kerakligi ta’kidlandi.

Ochiq, samimiy, savol-javoblarga boy tarzda o‘tgan muloqot yakunida mana shunday uchrashuvlarni o‘tkazib turishga kelishib olindi.

SUD XODIMLARI «ZAKOVAT»DA BELLASHDILAR

Namangan viloyati sudi hamda viloyat ma’muriy sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32 yillik bayrami munosabati bilan “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazildi.

Jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy sudlarning sudyalari va xodimlaridan iborat to‘rt jamoa ishtirok etgan bellashuvlarda qatnashchilar tarix, huquq, mantiq, Konstitutsiyaga oid 20 ta savolga javob topishga harakat qildilar. Har bir savolni o‘ylash uchun bir daqiqadan vaqt berildi.

Qizg‘in va murosasiz kechgan bahsda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarning “Qalqon” jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. G‘oliblarga Namangan viloyati sudi raisi tomonidan diplom va sovg‘alar topshirildi.

AJDODLAR TAJRIBASI – YOSHLAR MAKTABI

Namangan viloyati sudi tomonidan tarix, bugun va kelajakni o‘zida mujassam etgan “Uch avlod uchrashuvi” ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarini o‘tkazish an’anaga aylandi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32 yillik bayrami munosabati bilan tashkil etilgan bu galgi tadbir ham kechagi, bugungi va ertangi avlod vakillarini birlashtirdi. 

Sud faxriylari, shu sohada ishlab bugun boshqa idora va tashkilotlarda faoliyat olib borayotgan huquqshunoslar, sudyalar va tizim xodimlari ishtirok etgan tadbir avvalida turli yillarda sud idoralarida faoliyat olib borgan marhum sudyalar xotirlandi. Ular xotirasiga bag‘ishlangan videorolik namoyish etilib, o‘tganlar yodga olindi.


Tadbirda Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov, O‘zbekiston Sudyalari assotsiatsiyasi raisi Ubaydulla Mingboev, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi Ikromxon Najmiddinov so‘zga chiqib, barchani Bosh qomusimizning 32 yilligi bilan muborakbod etdilar. Mamlakatimiz Prezidenti boshchiligida barcha sohalar qatori sud tizimida ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani, sudlarning chinakam mustaqilligini ta’minlash yo‘lida qator Qonun, farmon va qarorlar qabul qilinayotganini ta’kidladilar. Mazkur o‘zgarishlar sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatida o‘z aksini topayotgani e’tirof etildi. 

Ustozlarni e’zozlab, ularga hurmat ko‘rsatish ezgu va xayrli ish. Shu ma’noda tadbirda O‘zbekiston Sudyalari assotsiatsiyasi raisi, “O‘zbekistondan xizmat ko‘rsatgan yurist”, sud faxriysi Ubaydulla Mingboevga Namangan viloyati hokimligi hamda “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limining tashakkurnomasi topshirildi.

Albatta, e’tibor va e’zoz har bir xodimni faol va tashabbuskor bo‘lishga, o‘z ishiga yanada mas’uliyat bilan yondashishga undaydi. Shu nuqtai-nazardan uchrashuvda viloyat sudlarida ko‘p yillar faoliyat olib borgan faxriylar, bugungi kunda odil sudlovni amalga oshirishga o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan sudyalar va tizim xodimlaridan bir guruhi Namangan viloyati hokimi, viloyat prokuraturasi, ichki ishlar boshqarmasi, adliya boshqarmasi hamda viloyat kasaba uyushmalari birlashmasining faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandilar. 

Tadbirda shuningdek, viloyat sudlari tarixiga bag‘ishlab yozilgan “Moziyga bir nazar…” nomli kitob-albom taqdimoti ham o‘tkazildi. Kitob muallifi, manbashunos-jurnalist Rahimjon Irisov mazkur solnoma haqida gapirib, unda keltirilgan tarixiy manbalar va shaxslarning sud tizimidagi o‘rni va ahamiyatiga alohida to‘xtaldi.


Hayotning baland-pastini, achchiq-chuchugini ko‘rgan keksalarning har biri o‘zi bir dorilfunun. Ularning tajribasiga, yo‘l-yo‘rig‘iga suyangan odam hech qachon qoqilmaydi. Viloyat sudi tomonidan o‘tkazilgan “Uch avlod uchrashuvi”da ham yoshlar ana shunday ko‘pni ko‘rgan insonlar bilan muloqotda bo‘lib, hayotiy tajribalaridan ibrat oldilar.

«POKLANISH PALLASI» KITOBI TAQDIMOTI O’TKAZILDI

Namangan viloyati sudi tomonidan Sudyalar assotsiatsiyasi raisi Ubaydulla Mingboevning “Poklanish pallasi” nomli kitobi taqdimoti o‘tkazildi.

Sud faxriylari, sudyalar va tizim xodimlari ishtirok etgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda dastlab viloyat sudi sudyasi Davlatmirza Kamilov “Poklanish pallasi” risolasining mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritib, ushbu kitobda sudyaning qonun talablariga rioya etishi, kasbiy mas’uliyat mezonlari, ma’naviy yuksalishga bo‘lgan intilishi, har bir ishni oqibatini o‘ylashi lozimligi, halol va pok bo‘lishiga oid fikrlar jamlanganini ta’kidlab o‘tdi.

Tadbirda Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi Ikromxon Najmiddinov, viloyat sudi raisi Alisher Usmanov so‘zga chiqib, sud faxriysi U. Mingboevning shonli hayot yo‘li, ibratli faoliyati haqida so‘zlab berdilar. Ustozning boy tajribasi barcha sudyalar uchun ibrat maktabi ekanligini alohida ta’kidladilar.

Ustoz Ubaydulla Mingboev ishtirokchilar bilan samimiy muloqot qilar ekanlar, sudya o‘z xatti-harakatlari bilan boshqalarga o‘rnak bo‘lishi, shu orqali fuqarolarda sudga, sudyaga nisbatan hurmat hissini uyg‘ota olishi lozimligini alohida ta’kidladilar. Shundan so‘ng “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist”, sud faxriysi Ubaydulla Mingboevning dastxatlari tushirilgan “Poklanish pallasi” kitobi faxriy mehmonlarga topshirildi.

MUQADDASDIR VATAN BAYROG’I

Namangan viloyati sudida 18-noyabr — O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan tadbir o‘tkazildi.

Videokonferensaloqa tarzida barcha tumanlarga ulangan tadbirda manbashunos-jurnalist Rahimjon Irisov O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining yaratilish tarixi, uning davlat boshqaruvidagi ahamiyati, muqaddas ramzimizdagi ranglar, tasvirlarning mazmun-mohiyatiga to‘xtalib o‘tdi. Xorazmshohlar, Temuriylar, Boburiylar davlatining ham o‘z bayrog‘i bo‘lganligi, buyuk sarkardalar Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur kabi ajdodlarimiz davlat bayrog‘ini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashgani ta’kidlandi. Bu – yurt bayrog‘i naqadar muqaddas va g‘urur-iftixor ramzi ekanidan dalolatligi e’tirof etildi.

Tadbirda so‘z olganlar yurtimiz bayrog‘i nafaqat O‘zbekiston Respublikasi davlat ramzi, balki xalqimizning, shu yurtda tug‘ilib yashayotgan turli millat va elatlarning tinchligi, hamjihatligi timsoli ekanligini ta’kidladilar.

SUDYALAR KO’KALAMZORLASHTIRISH TADBIRLARIDA QATNASHDILAR

Yurtimizning barcha hududlarida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekib bog‘ yaratish, bu orqali atrof-muhit musaffoligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur jarayonlarda sud tizimi xodimlari ham faol eshtirok etyaptilar.

Namangan viloyati sudi tomonidan tashkil etilgan navbatdagi ko‘chat ekish aksiyasida sudyalar va sud tizimi xodimlari Uychi tumanining “Daxyak ota” mahallasida joylashgan 2 gektarlik maydonda “Yashil belbog‘” yaratishga o‘z hissalarini qo‘shdilar. Shu kuni sud xodimlari tomonidan 500 tupdan ortiq klyon, pavlovniya, katalpa kabi manzarali daraxt ko‘chatlari ekilib, mazkur hudud ko‘kalamzorlashtirildi.

Umummilliy loyiha doirasidagi ko‘chat ekish tadbirlari tuman-shahar sudlari tomonidan ham amalga oshirilmoqda.

«SUDYA VA YOSHLAR» UCHRASHUVI

Namangan viloyati ma’muriy sudi tashabbusi bilan Namangan davlat universitetida “Sudya va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi.


Bo‘lajak huquqshunoslarni sud-huquq tizimidagi islohotlar, sud amaliyoti jarayonlari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida tashkil etilgan uchrashuvda viloyat ma’muriy sudi raisi va sudyalar, universitetning yuridik fakulteti talabalari ishtirok etdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 32 yilligi oldidan tashkil etilgan tadbirda dastlab Namangan viloyati ma’muriy sudi raisi Zaripaxon Qurbonova sud-huquq sohasidagi islohotlar, mamlakatimizda odil sudlovni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi. Sudyalar yangilangan Konstitutsiyamizning mazmun-mohiyati, uning davlat va jamiyat hayotidagi o‘rni haqida gapirib, Bosh qomusimiz mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohot va o‘zgarishlarning bosh omili ekanligini ta’kidladilar.

Uchrashuvda shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Namangan davlat universiteti o‘rtasida yuridik kadrlarni tayyorlash sohasidagi o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolangani, mazkur hujjatga asosan oliygoh talabalarining sud tizimida maxsus amaliyotini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha “Bo‘lajak sud xodimlari” klubi joriy etilgani ta’kidlandi. Mazkur hujjatga asosan tadbirda ishtirok etgan talabalarga Oliy sud va quyi sudlarda kadrlar zaxirasini shakllantirish va nomzodlarni ishga qabul qilish tartibi, xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar, ijtimoiy kafolatlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Ochiq, samimiy, savol-javoblarga boy tarzda kechgan uchrashuv yakunida yuridik fakultet jamoasiga Namangan viloyati sudlari tarixiga bag‘ishlab chop etilgan “Moziyga bir nazar…” nomli kitob-albom hamda badiiy adabiyotlar to‘plami topshirildi.

Skip to content