GO’ZALLIK VA NAFOSAT BAYRAMI

Namangan viloyati sudida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tadbiri boʼlib oʼtdi.

Tadbirda dastlab Sudyalar oliy kengashi qaroriga asosan “Sud faxriysi” koʼkrak nishoni bilan taqdirlangan faxriy sudyalarga mukofotlar topshirildi. Namangan viloyatidan bunday eʼtirofga koʼp yillar sudyalik lavozimida samarali faoliyat olib borib, koʼplab shogirdlar tarbiyalagan Tohiraxon Moʼydinova loyiq koʼrildilar. Ustozga koʼkrak nishonini viloyat sudi raisi Аlisher Usmanov topshirib, bayram bilan muborakbod etdi. Shuningdek, faxriy sudya Melixon Tashbaeva Sudyalar oliy kengashining esdalik qoʼl soati bilan taqdirlandi. Shu kuni sud faxriysining 70 yoshga toʼlishi munosabati bilan Oʼzbekiston Sudyalari Аssotsiatsiyasi va viloyat sudining Melixon Tashbaevaga yoʼllagan tabriklari oʼqib eshittirildi.

Shundan soʼng Namangan viloyati sudi raisi Аlisher Usmanov tizimda faoliyat olib borayotgan xotin-qizlarni goʼzallik va nafosat bayrami bilan muborakbod etib, Oʼzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining bayram tabrigini oʼqib eshittirdi. Har bir sud faxriysi, sudyalarga mazkur tabrik topshirilib, ularning odil sudlov faoliyatini amalga oshirish va jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlash, fuqarolarning sud idoralariga boʼlgan ishonchini mustahkamlash yoʼlidagi beqiyos xizmatlari eʼtirof etildi.

Tantanali tadbirda shuningdek, Namangan viloyati sudining fuqarolik ishlari boʼyicha sudlov hayʼati sudyasi Nargiza Аhadovaga viloyat hokimi tomonidan eʼlon qilingan faxriy yorliq topshirildi. Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Namangan viloyati sudi raisining ham bir guruh ayollarni taqdirlash toʼgʼrisidagi buyrugʼi eʼlon qilinib, unga koʼra Namangan viloyati sudining fuqarolik ishlari boʼyicha sudlov hayʼati sudyasi Muyassar Sultonova, viloyat sudining sudya katta yordamchisi Dildora Xatamova, Uchqoʼrgʼon tumanlararo iqtisodiy sudining sudya yordamchisi Sayyora Boqieva, fuqarolik ishlari boʼyicha Chust tumanlararo sudining sudya yordamchisi Kamola Raymalieva, jinoyat ishlari boʼyicha Chust tumani sudining arxiv mudiri Diloromxon Rahimova, jinoyat ishlari boʼyicha Pop tumani sudining arxiv mudiri Maʼrifat Аbdullaeva, jinoyat ishlari boʼyicha Chortoq tumani sudining arxivariusi Ozodxon Rashidova hamda Oliy sud huzuridagi sudlar faoliyatini taʼminlash departamentining viloyat hududiy boʼlimi rahbar kotibi Munojat Baxritdinova faxriy yorliq bilan taqdirlandilar. Shu bilan birga bir guruh xizmat koʼrsatish xodimlariga viloyat sudining tashakkurnomalari topshirildi.

Tadbir davomida sud faxriylari, sudyalar munis va moʼtabar ayollarni bayram bilan tabriklab, samimiy tilaklar bildirdilar.


Namangan viloyati sudining jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo’limi


Sud tizimida ayol sudyalarning o’rni

Toshkent shahrida “Oʼzbekiston ayol sudyalari – adolat va matonat timsoli” mavzuida xalqaro konferentsiya boʼlib oʼtdi.

10 mart – Xalqaro ayol sudyalar kuni munosabati bilan tashkil etilgan nufuzli anjumanda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan ayol sudyalar, Qirgʼiziston va Gruziya davlatlaridan xorijiy ekspert sifatida ayol sudyalar ishtirok etdilar. Shuningdek, Zimbabvedan ekspert onlayn tarzda qatnashdi.

Konferentsiyada viloyatimizdan Namangan viloyati maʼmuriy sudining raisi Zaripaxon Qurbonova, Namangan viloyati sudining jinoyat ishlari boʼyicha sudlov hayʼati sudyasi Bumayram Bobomirzaeva, fuqarolik ishlari boʼyicha Namangan tumanlararo sudining sudyasi Mayramxon Sidiqova, Namangan tumanlararo maʼmuriy sudining sudyasi Bibixon Аkbarova ishtirok etdilar.

HAMKORLIKDAGI FAOLIYAT

Namangan viloyati sudining jinoyat ishlari boʼyicha sudlov hayʼati tomonidan viloyat ichki ishlar boshqarmasida tergov sifatini yanada yaxshilash masalalariga bagʼishlangan oʼquv seminar mashgʼuloti oʼtkazildi.

Ichki ishlar idoralarining tergovchilari, prokuratura, bojxona idoralari xodimlari ishtirok etgan seminarda Namangan viloyati sudi raisining oʼrinbosari Аdhamjon Mirzaev joriy yilning oʼtgan davri mobaynida dastlbaki tergov organlari tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda aniqlangan kamchiliklarga toʼxtalib oʼtdi. Maʼmuriy materiallar va jinoyat ishlarini sudlarda koʼrish jarayonidagi ayrim muammolar tahlil etilib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, yangi qonunlarni qoʼllashda yuzaga kelishi mumkin boʼlgan tushunmovchiliklarning oldini olish va tergov jarayonida fuqarolarning huquqlarini toʼliq taʼminlash masalalariga eʼtibor qaratildi.

Seminarda sudyalar Sh.Qurbonov, D.Tojiboev, E.Аbdullaev, Q.Аlijonov amaliyotda uchrayotgan ayrim kamchiliklar haqida gapirib, ularni bartaraf etish boʼyicha oʼz fikrlarini bildirdilar.


Yakunda mavzu yuzasidan taklif va mulohazalar eshitilib, ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga batafsil javoblar qaytarildi.


Namangan viloyati sudining jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo’limi


OTA-ONALAR BILAN UCHRASHUV

Namangan viloyati sudida jinoyat ishlari boʼyicha viloyat, tuman, shahar sudlarida faoliyat olib borayotgan xodimlarning ota-onalari bilan uchrashuv-muloqot oʼtkazildi.

Uchrashuvda keyingi yillarda sud tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, sudlarning jamiyatda tutgan oʼrni, nufuzi haqida soʼz yuritilib, mazkur sohada faoliyat olib borayotgan har bir xodim ana shu eʼtiborga har jihatdan mos boʼlishi lozimligi taʼkidlandi. Bunda eng avvalo korrupsiya, taʼmagirlik illatlariga yoʼl qoʼymaslik, odob-axloq qoidalariga amal qilgan holda oʼziga biriktirilgan vazifalarni sidqidildan, vijdonan bajarishi kerakligi aytib oʼtildi. Bu borada esa ota-onalarning oʼrni katta ekanligi, har bir ota-ona farzandining yurish-turishi, ish faoliyatini nazorat qilib borishi, uning muammolari bilan qiziqishi, kimlar bilan yaqin munosabatda boʼlayotganidan xabardor boʼlishi lozimligi taʼkidlandi.

Muloqotda ota-onalar, koʼp yillardan buyon tizimda faoliyat olib borayotgan sudyalar soʼzga chiqib, oʼzlarining fikr-mulohazalari, takliflarini bildirdilar.

AYOLLARGA E’TIBOR

Oʼzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzurida Sudyalar klubi faoliyati yoʼlga qoʼyilgan boʼlib, u orqali ayol sudyalarni birlashtirish va ularga muloqot maydonini tashkil etish imkoniyatlari yaratilgan.

Bugun Sudyalar oliy maktabida mazkur klubning yigʼilishi boʼlib oʼtdi. Videokonferentsaloqa shaklida barcha hududlarga ulangan tadbirda Sudyalar klubi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, ayol sudyalar faoliyati, ularni qoʼllab-quvvatlash borasidagi vazifalar haqida soʼz bordi.

Tadbirda odil sudlovni amalga oshirish, sudlarga boʼlgan ishonchni mustahkamlash, yosh sudya kadrlarni yetishtirishdagi ulkan xizmatlari uchun ustoz sudyalar hamda sudyalarning ota-onalari Sudyalar oliy kengashining tashakkurnoma va esdalik qoʼl soatlari bilan taqdirlandilar.

Xususan, mazkur eʼtirofga Namangan viloyatidan ayni paytda Аndijon viloyati fuqarolik ishlari boʼyicha Boʼston tumanlararo sudining sudyasi boʼlib faoliyat olib borayotgan namanganlik Muhayyo Dedamirzaevaning onasi Oyshaxon Аhmadalieva hamda fuqarolik ishlari boʼyicha Chust tumanlararo sudining raisi Iqbolxon Koʼchkinova loyiq koʼrildilar. Namangan viloyati sudi raisi Аlisher Usmanov mukofotlanganlarni muborakbod etib, ularga tashakkurnoma va esdalik qoʼl soatini topshirdi.
Bu kabi eʼtibor sudyalarning oʼz vazifalariga boʼlgan masʼuliyatlarini yanada oshirib, samarali faoliyatlarida munosib ragʼbat boʼladi.

SUD HUJJАTLАRIGА BАHO BERISHNING YANGI TIZIMI

Maʼlumki, odil sudlov sifati sud hujjatlarining qonuniy, asosli va adolatliligi bilan chambarchas bogʼliq. Аgar sud tomonidan ish yakunida qabul qilingan hujjatga nisbatan norozilik tugʼilsa va bu boʼyicha shikoyat qilinsa, unga yuqori turuvchi sud instantsiyasida qonuniy baho beriladi. Bu bir tarafdan, inson huquq va erkinliklarining sud tomonidan himoyalanishini anglatsa, ikkinchi tomondan, protsessual qonunchilikda belgilangan tartibda yuqori turuvchi bosqich sudlari tomonidan quyi sudlarda qabul qilingan sud hujjatlarining qayta koʼrib chiqilishini anglatadi.
Shu maʼnoda sud hujjatlarini qayta koʼrib chiqish institutini yanada takomillashtirish nafaqat protsessual qonunchilik, balki fuqaro va tadbirkorlarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishda ham muhim ahamiyatga ega.
Ishlarni koʼrishda oʼrta boʼgʼin sudlari imkoniyatlaridan yanada samarali foydalanish, fuqarolarning olis hududlardan sudga kelib ovora boʼlishining oldini olish maqsadida shu yil 1-yanvardan boshlab, sudlar, shu jumladan, maʼmuriy sudlarda sud hujjati ustidan shikoyat qilishning yangi tartibi — ishlarni taftish tartibida koʼrib chiqish instituti joriy etildi.
Endilikda taftish tartibidagi shikoyatlar Qoraqalpogʼiston Respublikasi maʼmuriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudlari, Harbiy sud tomonidan, ularning taftish tartibida qabul qilgan sud hujjatlaridan norozi boʼlib keltirilgan shikoyatlar esa, Oliy sudning Maʼmuriy ishlar boʼyicha sudlov hayʼati tomonidan koʼrib chiqiladi.
Shuningdek, Oliy sudning Maʼmuriy ishlar boʼyicha sudlov hayʼatida taftish tartibida koʼrilgan ishlar boʼyicha sud hujjatlari ustidan manfaatdor shaxslarning murojaatiga asosan Oliy sud raisi yohud Bosh prokuror tomonidan taftish tartibida protest keltirilishi mumkin va taftish tartibidagi ushbu protest Oliy sudning Rayosatida koʼpchilik tarkibda koʼrib chiqiladi.
Qonunchilikda sud ishni taftish tartibida koʼrish chogʼida quyi instantsiya sudlari tomonidan moddiy huquq normalari toʼgʼri qoʼllanilgan va protsessual qonun talablariga rioya etilganini ish materiallari boʼyicha tekshirishi belgilangan.
Qonunchilikka kiritilgan oʼzgartirishlardan yana biri ishni apellyatsiya va kassatsiya tartibida birinchi instantsiya sudida ish yuritish qoidalari boʼyicha koʼrishi, yuqori instantsiya sudlari tomonidan ishlarni yangidan koʼrish uchun birinchi instantsiya sudiga yuborish tartibi bekor qilinishidir. Bunday tartib fuqaro va yuridik shaxslarning sudlarga boʼlgan ishonchini yanada oshishiga xizmat qiladi. Chunki bunga qadar birinchi instantsiya sudlari tomonidan ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan shaxslarning huquq va majburiyatlari toʼgʼrisida hal qiluv qarori qabul qilingani hal qiluv qarorini bekor qilish va ishni yangidan koʼrish uchun yuborishga asos boʼlar edi. Qonunchilikka kiritilgan yangi oʼzgartirishga koʼra, endilikda birinchi ins­tantsiya sudlari tomonidan mazkur protsessual xatolikka yoʼl qoʼyilgani aniqlanganda, yuqori turuvchi sudlar ishlarni yangidan koʼrish uchun birinchi instantsiya sudiga yubormay, ishni birinchi instantsiya sudida ish yuritish qoidalari boʼyicha apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ishga jalb qilinmagan shaxslarning ishtirokini taʼminlagan holda koʼrib chiqib, tegishli qaror qabul qilishi mumkin.
Shu oʼrinda quyidagi taklifni bildirmoqchiman. Yaʼni qonunchilikda belgilangan taftish tartibida ishni koʼrish doirasini yanada kengaytirib, taftish instantsiyasida ishlarni koʼrishda quyi instantsiya sudlari tomonidan moddiy huquq normalari toʼgʼri qoʼllanilgani va protsessual qonun talablariga rioya etilganini ish materiallari va yangi aniqlangan dalillar boʼyicha tekshirishning aniq tartibi belgilansa, maqsadga muvofiq boʼlardi. Chunki Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʼgʼrisidagi kodeksning 266-6-moddasida sud ishni taftish tartibida koʼrish chogʼida quyi instantsiya sudlari tomonidan moddiy huquq normalari toʼgʼri qoʼllanilgani va protsessual qonun talablariga rioya etilganini ish materiallari boʼyicha tekshirishi belgilangan.
Shuningdek, ushbu kodeksning yangi tahrirda bayon qilingan 244-moddasi 4-qismi 2-bandida ishning sud majlisi joyi va vaqti toʼgʼrisida tegishli tarzda xabardor qilinmagan biror-bir ishda ishtirok etuvchi shaxs yoʼqligida koʼrilgani, 3-bandida sud tomonidan ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan shaxslarning huquq va majburiyatlari toʼgʼrisida hal qiluv qarori qabul qilingani birinchi instantsiya sudi hal qiluv qarorining har qanday holda bekor qilinishi uchun asos boʼlishi koʼrsatilgan.
Shu bois qonunchilikka birinchi instantsiya sudlarida ishni koʼrishda uchinchi shaxs­larni jalb qilishni majburiy shart sifatida belgilash maqsadga muvofiq boʼlar edi.
Taklif etilayotgan oʼzgartish va qoʼshimchalar kelgusida fuqarolarning Konstitutsiyamizda nazarda tutilgan sud orqali himoyalanish va sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlarini yanada kengaytirish, ularning buzilgan huquqlari va erkinliklari, shuningdek, qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya etish, odil sudlovga erishish darajasini yanada oshirish, ishlarning sifatli va oʼz vaqtida koʼrilishini taʼminlash, sud qarorlarini qayta koʼrishda oʼrta boʼgʼin — viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar imkoniyatlaridan samarali foydalanishga xizmat qilishi shubhasiz.

Umida NIShONOVА,
Namangan viloyati
maʼmuriy sudi sudyasi

SUDLAR FAOLIYATI SARHISOBI

Namangan viloyati sudida viloyat sudlarining 2023-yildagi faoliyat yakunlari hamda odil sudlovni  ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida amalga  oshirilgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari, axborot xizmatlari rahbarlari, jurnalist va blogerlar ishtirok etgan  anjumanda Namangan viloyati sudi hamda viloyat ma’muriy sudi raislari tomonidan sud-huquq sohasidagi islohotlar, qonunchilikdagi yangiliklar, 2023-yil davomida ko‘rilgan jinoyat, fuqarolik,  iqtisodiy hamda ma’muriy ishlar, jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlarning tahlili,  huquqiy targ‘ibot ishlari hamda sohaga oid boshqa ma’lumotlar haqida axborotlar ochiqlandi.

Namangan viloyati sudi raisi Alisher Usmanov so‘nggi yillardagi sud-huquq islohotlariga to‘xtalar ekan,  2016-2023 yillar davomida mazkur yo‘nalishda 50 dan ortiq qonun, farmon va qarorlar qabul qilingani, bu  o‘z navbatida sudlarning chinakam mustaqilligini ta’minlash, odil sudlov sifati va samaradorligini  oshirishda muhim ahamiyat kasb etganini ta’kidladi. Viloyat ma’muriy sudi raisi Zaripaxon Qurbonova  mazkur islohotlarda ma’muriy sudlarning o‘rni, tizimdagi yangi o‘zgartirishlar haqida ishtirokchilarga  batafsil ma’lumot berdi.

Tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillari fuqarolarning huquq va manfaatlarini muhofaza qilish, odil  sudlovni ta’minlash, qonuniylik va adolat barqarorligiga erishish borasida o‘zlarini qiziqtirgan savollar  bilan murojaat qildilar. Ularning savol, taklif, fikr-mulohazalariga sud raislari va sudyalar batafsil javoblar berishdi.

Jarayon aniq dalillar, faoliyatga oid tahliliy ma’lumotlar, odillik va shaffoflikni ta’minlashda e’tibor  qaratilayotgan jihatlarga oid masalalar bilan qizg‘in o‘tdi.

Namangan viloyati sudining
jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi

MUNOSIB E’TIROF

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yangiqo‘rg‘on tumanlararo sudining raisi Sohibaxon Yo‘lchiyeva Namangan  viloyati sudiga bu gal oilasi bilan tashrif buyurdi. Boisi, uning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi  faoliyati Sudyalar Oliy kengashi tomonidan e’tirof etilib, “Ibratli sudya” mukofotiga loyiq ko‘rildi.

Shu munosabat bilan Sudyalar Oliy kengashi tomonidan o‘tkazilgan taqdirlash marosimi barcha  hududlarga videokonferensaloqa tarzida ulanib, “Ibratli sudya” deb topilgan sud tizimi fidoyilariga  mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.

Taqdirlash marosimida viloyat sudi raisi Alisher Usmanov davlatimiz rahbarining Farmoniga asosan joriy  etilgan mazkur mukofot adolat va haqiqat yo‘lida faoliyat olib borayotgan sudyalarga rag‘bat o‘laroq, odil sudlovni qaror toptirishda yuksak mas’uliyat ekanligini ta’kidladi.

Tadbirda shuningdek, Sudyalar Oliy kengashining qarori bilan sudyalik lavozimida bo‘lishning navbatdagi 10 yillik muddatiga tayinlangan fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan tumanlararo sudining raisi Tojiddin Madrahimov hamda jinoyat ishlari bo‘yicha Uychi tuman sudining raisi Baxtiyor Obidov, yangi lavozimga  tayinlangan sudyalar Abdurasul Muhiddinov, Baxtiyor Olimjonovning kelgusidagi faoliyatlariga  muvaffaqiyat tilandi. Marosimga taklif etilgan sudyalarning ota-onalari, oila-a’zolariga viloyat sudi raisi tomonidan minnatdorchilik bildirildi.

Tadbirda so‘z olgan sudyalar ko‘rsatilgan bunday e’tibor va rag‘batdan xursand ekanliklarini aytib,  faoliyatlari davomida odil sudlovni ta’minlashga, fuqarolarning sud idoralariga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga halol va vijdonan, sidqidildan harakat qilishga va’da berdilar.

Skip to content